E’lon qilingan hisobotga ko‘ra, shu yilning uchinchi choragida mamlakatimiz aeroportlari faoliyatida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan asosiy ko‘rsatgichlar bo‘yicha sezilarli o‘sish sur’atlari qayd etilgan. Bunda yo‘lovchilar oqimi, amalga oshirilgan parvozlar soni va tashilgan yuk hajmi hisobga olingan.

Xususan, mamlakatimiz xalqaro aeroportlari joriy yilning 9 oyi davomida 82 ming 637 ta reysni amalga oshirgan, shundan 24 ming 914 tasi ichki va 57 ming 723 tasi xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha parvozlardir. O‘sish sur’ati o‘tgan yilga nisbatan 36 foizni tashkil etadi. Shuningdek, havo qatnovlarining umumiy sonidan 53 ming 942 tasi mahalliy va 28 ming 695 tasi xorijiy aviakompaniyalar tomonidan amalga oshirilgan.

Turizm sohasi ham asta-sekin koronavirus pandemiyasi oqibatlaridan xalos bo‘lmoqda. Ilgari yopilgan parvozlar tiklanib, yangilari yozlga qo‘yilmoqda, bu esa, yo‘lovchilar oqimiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston aeroportlari 9 million 893 ming 947 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan, ulardan 1 million 871 ming 659 nafari ichki parvozlar, 8 million 22 ming 288 nafari esa xalqaro parvozlar xizmatidan foydalangan.

O‘sish sur’ati 2023 yilning shu davriga nisbatan 33 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilning uchinchi choragida 62 067 tonna yuk tashish va pochta xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 21 foizga ko‘pdir.

Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA