Soha vakillarining ta’kidlashicha, “UNCCD COP 16” qurg‘oqchilikka chidamlilik bo‘yicha global hamkorlikning yangi davrini boshlab, yerni qayta tiklash jarayonini kengaytiradi va tezlashtiradi.

Joriy yilning 2 dekabridan 13 dekabriga qadar Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) taraflari konferensiyasining 16-sessiyasi (COP 16) bo‘lib o‘tadi. Unda butun dunyo e’tibori qurg‘oqchilik va cho‘llanishga qarshi kurashga qaratiladi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston o‘tgan 2023 yilning 13-17-noyabr kunlari BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (UNCCD) bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi (CRIC-21)ga mezbonlik qilgan edi.

Unda yerni barqaror boshqarish, qurg‘oqchilikka chidamlilikni oshirish, barqaror qishloq xo‘jaligida ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlash, yer degradatsiyasi va uning oldini olishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish hamda iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq majburiy migratsiyaga qarshi kurashishda strategik maqsadlarni amalga oshirish borasidagi muammolar va imkoniyatlar ko‘rib chiqilgan.

Shuningdek, Saudiya Arabistonida o‘tkaziladigan COP 16 da O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan Chang va qum bo‘ronlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini ko‘rib chiqish taklif qilindi.

COP 16 “Bizning diyorimiz. Bizning kelajagimiz” shiori ostida 197 tomon (196 mamlakat va Yevropa Ittifoqi) ekspertlar va fuqarolik jamiyati vakillarini birlashtiradi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, COP 16 davomida bir qancha dolzarb masalalar ko‘zda tutilgan qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.

Xususan, 2030 yilgacha va undan keyingi yillarda degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklashni jadallashtirish, o‘sib borayotgan qurg‘oqchilik va qum-chang bo‘ronlariga qarshilikni kuchaytirish, yerlarni qayta tiklash va tabiiy oziq-ovqat ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yerga bo‘lgan huquqlarni ta’minlash va yer boshqaruvida yoshlar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish shular jumlasidandir.

Tadbir davomida yetakchi davlatlar sammiti o‘tkaziladi. Unda davlat rahbarlari, tadbirkorlar va jahon yetakchilari global va mintaqaviy darajada cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi va qurg‘oqchilik muammolariga yechim izlashadi. Shuningdek, turli taqdimotlar, ma’ruzalar, ekologik muammolarga qarshi kurashda yoshlarning o‘rni, gender masalalariga ham e’tibor qaratiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, hozirgi vaqtda dunyoning 40 foizga yaqin yeri degradatsiyaga uchragan. Bu 3,2 milliard insonga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qurg‘oqchilik darajasi 2000 yildan buyon 29 foizga oshdi va 2050 yilga kelib dunyo aholisining 4/3 qismi qurg‘oqchilikka duchor bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, har yili kamida 100 million gektar sog‘lom, unumdor yerlar yo‘qotilmoqda.

Qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotganlarning 85 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Agar vaziyat shunday davom etsa, 2030 yilgacha yer degradatsiyasidan xoli dunyoga erishish uchun 1,5 milliard gektar yerni qayta tiklash kerak bo‘ladi.

Bir milliard nafar yosh yer va tabiiy resurslarga bog‘liq bo‘lgan rivojlanayotgan hududlarda yashaydi. Bu esa yerni qayta tiklash bo‘yicha global majburiyatlarni bajarish uchun yoshlarni jalb qilish lozimligini anglatadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA