9 oktyabr – Butunjahon pochta kuni

Pochta odamlar o‘rtasidagi aloqa va axborot almashishning asosiy vositalaridan biridir. U nafaqat shaxsiy xatlar va paketlarni yuborish, balki biznes va tijorat aloqalari uchun ham muhim ahamiyatga ega.

Bugungi kunda pochta tizimi tez rivojlanmoqda. Raqamli texnologiyalar va internetning paydo bo‘lishi pochta xizmatlarini yangilashga olib keldi. Masofaviy xizmatlar, onlayn buyurtmalar va tezkor yetkazib berish tizimlari orqali pochta xizmatlari yanada qulay va tezkor bo‘ldi.

9 oktyabr – Butunjahon pochta kuni. Ushbu kun 1969 yildan boshlab keng nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi 1994 yilda Butunjahon pochta ittifoqiga a’zo bo‘lishi, mamlakatimizning xalqaro pochta almashinuviga kirish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Sohaga berilayotgan e’tibor va salohiyatli kadrlar mehnati tufayli O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasi yanada rivojlanib bormoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “O‘zbekiston pochtasi” AJ bugungi kunda nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham eng muhim pochta xizmatlarini amalga oshirmoqda. Jamiyatning 7,5 ming nafardan ziyod xodimi, 14 ta hududiy va 4 ta ixtisoslashtirilgan filiali, 161 ta bog‘lamasi hamda 1 603 ta aloqa bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular orqali O‘zbekistonning eng chekka hududlariga ham axborot almashinuvi va jo‘natmalar yetkazilishini ta’minlab kelinmoqda.

M.HOJIAKBAROVA, O‘zA