“O‘zbekekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasida mehmondo‘stlik va restoran biznesiga bag‘ishlangan “HORECA EXPO UZBEKISTAN 2024” I Xalqaro maxsus ko‘rgazmaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ko‘rgazmada Markaziy Osiyo, Yevropadan va Osiyodan 50 nafardan ortiq ishtirokchi o‘z mehmonxona biznesi va restoran sanoatidagi so‘nggi yutuqlarini namoyish etdi. HoReCa sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga yordam beradigan mahsulotlar va texnologiyalar, jumladan, uskunalar, IT-yechimlar va innovatsion gastronomik mahsulotlar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Mutaxassislar “HORECA EXPO UZBEKISTAN 2024” soha professionallari uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini, O‘zbekiston, Turkiya, Rossiya, Germaniya va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan qatnashuvchilarda tajriba almashish va hamkorlik kelishuvlari tuzish uchun noyob imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida mehmondo‘stlik sohasida “Innovatsion tendensiyalar” mavzusida xalqaro konferensiya ham o‘tkazildi. Ekspertlar o‘rtasida boshqaruv strategiyalari, marketing yondashuvlari va HoReCa sanoatidagi zamonaviy texnologiyalarga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Ekotexnologiyalar, raqamli yechimlar va mehmonxona biznesida inklyuzivlikka bag‘ishlangan mavzuli sessiyalar taqdim etildi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA