Avstraliyaning dunyo bo‘ylab faoliyat olib boradigan “Kantas” aviakompaniyasi parvoz vaqtidagi “noqulaylik” uchun uzr so‘rab chiqdi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan hafta Sidneydan Tokioning Xaneda aeroportiga qarab uchgan samolyotning ko‘ngil ochar dasturi tizimida texnik muammo yuzaga kelgan. Ya’ni, yo‘lovchilar o‘ziga ma’qul, eng avvalo yoshiga mos filmlar tanlay olmagan.
– Ekipaj a’zolari barcha monitorlarga uzatsa bo‘ladigan kinolarning cheklangan ro‘yxatiga ega edi, – deyilgan bayonotda. – Bir necha yo‘lovchi so‘rovi asosida butun parvoz uchun muayyan filmlar tanlab olindi.
“Kantas” hisobotida film nomi aytilmagan bo‘lsa-da, da’vo qilgan yo‘lovchilar ijtimoiy tarmoqqa joylashtirgan, samolyot ekranlari aks etgan bir necha suratdan havo kemasi sahnida qaysi film qo‘yilganini bemalol anglasa bo‘ladi.
Dakota Jonson va Shon Penn ishtirokida 2023 yil yaratilgan drama AQSH Kinofilmlari assotsiatsiyasi tomonidan “mahsulotga aloqador til, jinsiy material va qisqacha grafik behayolik uchun” belgilangan “R” toifali film sifatida baholangan.
Manbaga ko‘ra, kinoni quloqchinsiz, monitordagi matn orqali tom ma’noda o‘qish mumkin bo‘lgan. Natijada yosh-qarini birlashtirgan uchoqda “xijolatli vaziyat”ni yuzaga keltirgan.
– Bolalar uchun mos filmga o‘tish uchun, deyarli, bir soat vaqt kerak bo‘ldi, – deydi yo‘lovchilardan biri. – Afsuski, hamma uchun juda noqulay bo‘ldi, chunki oilalar, bolalar bor edi.
“Kantas” bayonotida ekipaj dastlab filmni tomosha qilishni istamagan mijozlar uchun ekranni tuzatishga harakat qilganini bildirgan. Muammo bartaraf etilmagach, noiloj, ro‘yxat bolalar kinosiga o‘zgartirilgan.
Aviakompaniya ta’kidlashicha, jamoa yo‘lovchilar, ayniqsa “dasturdan shikoyat qilganlar”dan uzr so‘ragan.
– Film butun parvoz davomida ko‘rish uchun yaroqsiz edi va biz bu tajriba uchun mijozlardan chin dildan uzr so‘raymiz, – dedi kompaniya vakili.
Musulmon Ziyo, O‘zA