Davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarini to‘lamaslik maqsadida yirik miqdordagi import tovarlarni chegara bojxona postlari orqali yo‘l yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatmasdan olib kirishga urinish holatlari aniqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovut-ota” chegara bojxona posti orqali Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga kirib kelgan “MAN” rusumli avtotransport vositasi xavfni boshqarish tizimi orqali “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilganligi sababli Nukus shahrida joylashgan bojxona omborida ushbu transport vositasiga ortilgan tovarlar bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, mas’uliyati cheklangan jamiyat nomiga olib kelingan va yo‘l yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilganidan ortiqcha bo‘lgan umumiy bahosi 512 million so‘mga teng 574 dona “kir quritgich” tovari borligi aniqlandi.

Yana xuddi shunday bir holatda “Nukus TIF” bojxona postida “Kompressor uskunalari to‘plami uchun quvurlar” tovarlarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish maqsadida taqdim qilingan bojxona yuk deklaratsiyasi “qizil yo‘lak”ga yo‘naltirilganligi sababli, bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Natijada tovar TIF TN kodi o‘zgartirilib taqdim qilinganligi aniqlanib, 397 million so‘m qo‘shimcha bojxona to‘lovi undirilishi hisoblandi.

Mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.