Mexnatning tagi rohat! Ha, ko‘p yillik harakat, izlanish va intilish mevasini bermay qolmaydi.
Kecha Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida Fizika bo‘yicha 2024 yilgi Nobel mukofoti laureatlari sifatida sun’iy intellekt sohasi olimlari Jon Xopfild va Jefri Xinton nomlari e’lon qilindi.
G‘oliblarni saralagan Qirollik Fanlar akademiyasi munosiblar “Qurilmalarni sun’iy neyron tarmog‘i yordamida o‘rganish imkonini beruvchi fundamental kashfiyoti va ixtirosi” tufayli tanlanganini e’tirof etdi.
Mas’ullar ta’kidlashicha, juftlik sun’iy intellektni rivojlantirish uchun juda muhim bo‘lgan kuchli mashinani o‘rganishga asos yaratadigan usullarni ishlab chiqqan va bu jarayonda fizika olamidagi vositalardan samarali foydalangan.
AQSH Prinston universiteti professori Xopfild ma’lumotdagi tasvir yoki naqshni saqlash va qayta tiklay oladigan assotsiativ xotira yaratdi. Xinton esa ma’lumot xossasini avtonom tarzda topish yo‘lini ixtiro qilgani uchun sharaflangan.
Toronto universitetining britaniya-kanadalik professori hisoblangan Xinton g‘olib sifatida shunday dedi: Ko‘zlarimga ishonmayman. Bunday bo‘lishini xayolimga ham keltirmagandim. Faqat sun’iy intellekt bizdan ko‘ra aqlliroq tizim. Oxir-oqibat AI boshqaruvni qo‘lga kiritishi mumkinligidan xavotirdaman.
Bir yil oldin fizika bo‘yicha Nobel mukofotini fransiyalik Per Agostini, fransuz-shved Anne L’Xuilliyer va vengr-avstriyalik Ferens Kraus atom va molekula ichidagi elektron bo‘yicha tadqiqoti uchun olgan edi.
Bugun-erta kimyo va adabiyot bo‘yicha sovrindorlar aniqlanadi,.Tinchlik yo‘nalishida 11 oktyabr, iqtisod bo‘yicha esa 14 oktyabr kuni yil qahramonlari ma’lum qilinadi.
Ma’lumki, Nobel mukofoti dinamit ixtirochisi, shvetsiyalik Alfred Nobel tomonidan ta’sis etilgan. U 1896 yil vafot etishidan oldin qoldirayotgan boyligini o‘z vasiyatiga ko‘ra, maxsus jamg‘arma hisobiga o‘tkazgan. Shundan buyon, ya’ni 1901 yildan boshlab to‘planadigan daromad 5 qismga teng bo‘linib, irqi, millati, jinsi va dinidan qat’i nazar, fizika, kimyo, fiziologiya yoki tibbiyot sohasidagi kashfiyotlar, badiiy asar, xalqlar do‘stligi va tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi alohida faoliyat uchun ajratib kelinyapti.
1968 yil Shvetsiya davlat banki tomonidan muassasaning 300 yilligi munosabati bilan iqtisodiyot sohasidagi yutuq uchun beriladigan qo‘shimcha mukofotni ta’sis etdi.
Bu yilgi sovrindorlarga medallar va 1 million dollar miqdoridagi pul mukofoti 10 dekabr kuni, Nobel vafoti sanasi munosabati bilan o‘tkaziladigan yillik marosimda topshiriladi.
Alfred Nobelning so‘nggi xohishiga ko‘ra, sovrinni egalariga taqdim etish vazifasi Stokgolmdagi fizika, kimyo, iqtisodiyot bo‘yicha Qirollik Fanlar akademiyasi, fiziologiya, tibbiyot bo‘yicha Tibbiy-jarroxlik instituti va badiiy asarlar bo‘yicha Shvetsiya akademiyasi zimmasiga yuklatilgan. Tinchlikni mustahkamlash yo‘lidagi namunali faoliyat uchun ta’sis qilingan mukofotni Norvegiya parlamenti Nobel qo‘mitasi topshiradi. Aynan shu sovrindan tashqari barcha mukofotlar individual tarzda beriladi.
Darvoqe, vafot etganlar nomzodi bu mukofot uchun ko‘rsatilmaydi.
Elatib o‘tamiz, ilk mukofot 1901 yil topshirilgan.
Musulmon Ziyo, O‘zA