NATOning sobiq Bosh kotibi Yens Stoltenberg Myunxen xavfsizlik konferensiyasi (MSC)ga raislik qiladi. Bu haqda “Anadolu” yozgan.
MSCda ta’kidlanganidek, Stoltenberg 2025 yil fevraldan mazkur lavozimda Kristof Xoysgen o‘rnini egallaydi.
– Stoltenberg xalqaro miqyosda hurmatga sazovor diplomat, ko‘plab muhim masalalarda ilg‘or fikrlaydigan yetakchi, Qo‘shma Shtatlarda Prezidentning Erkinlik medalini olgan kam sonli yevropaliklardan biri, – deyilgan MSC bayonotida.
Harbiy-siyosiy tuzilmaning sobiq rahbari “muloqot orqali tinchlikka erishish” missiyasiga hissa qo‘shish sharaf ekanini bildirdi:
– Myunxen xavfsizlik konferensiyasi kabi xalqaro platformalar juda kam. Bunday tuzilmalar mojarolarning oldini olish, muloqot va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadini ko‘zlaydi.
Stoltenberg 2014-2024 yillari NATO Bosh kotibi lavozimida ishlagan. 1 oktyabr kuni u vakolatini Gollandiya sobiq Bosh vaziri Mark Ryuttega topshirdi.
Norvegiya hukumati boshlig‘i sifatidagi 10 yillik davrdan tashqari Stoltenberg energetika, iqtisodiyot va moliya vaziri kabi muhim lavozimlarda ishlagan.
Har yil fevral oyida Myunxenda MSC xavfsizlik siyosati masalalari muhokama etiladigan ushbu anjuman yuqori nufuzli siyosatchi, ekspertlar, harbiylar va mudofaa sanoati vakillarini birlashtiradi.
MSC 2025 yil 61-bor o‘tkaziladi.