Markaziy Osiyo strategik joylashuvi va boshqa imkoniyatlari tufayli doimo xalqaro jamoatchilik diqqati markazida bo‘lib kelgan. Shu ma’noda mintaqada yuz berayotgan global ahamiyatga molik voqealar tahlili ko‘pchilik uchun qiziqarli ekanligi tabiiy.
Tojikiston
Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muxriddin 7 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ayrim MDH davlatlari hududida tojik muhojirlari va talabalari huquqi buzilayotganidan xavotir bildirdi.
– Bunday muomala insonparvarlik mezoniga to‘g‘ri kelmaydi va MDH faoliyatining asosiy tamoyillarini shubha ostiga qo‘yadi, – dedi u. – Migratsiya masalasiga mehnat qilayotgan fuqarolar va mahalliy aholi manfaati birdek inobatga olinadigan kompleks, aniq va shaffof yondashuv zarur, deb hisoblaymiz.
Vazir bo‘lajak raislik doirasida Dushanbe Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlarga uzoq vaqt muhokama qilinayotgan konsepsiyalar loyihasini bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish bo‘yicha ishni faollashtirish taklif qilinishini aytdi. Bular: umumiy mehnat bozorini shakllantirish va mehnatni tartibga solish, mehnat muhojirlari hujjatini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitim va xodimlarning yashash joyidan tashqarida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalarni tergov qilish tartibi to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgarishr kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma.
Avvalroq Bosh vazir Kohir Rasulzoda Rossiyada Tojikiston fuqarolari “huquqi va erkinligi poymol etilayotgani”ni ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat fuqarolari “xavfsizlikning noaniq ta’rifi ostida” Rossiyaga kiritilmasligi yoki ushbu davlatdan chiqarib yuborilishi holatlari tobora ko‘p kuzatilmoqda.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda “Marburg” virusi xavfi tufayli nazorat kuchaytirilmoqda, deb xabar berdi mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
– Kasallikning o‘lkaga kirib kelishi va tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida xalqaro aeroportlar va davlat chegaralarida sanitar-karantin nazorati amalga oshiriladi, barcha xorijiy yo‘lovchilar termometriyadan o‘tkaziladi, – dedi bosh davlat sanitar-shifokori Sarxat Beysenova.
“Ebola” oilasiga mansub va klinik jihatdan o‘xshash “Marburg” virusi gemorragik bezgak keltirib chiqaruvchi virusli kasallikdir. Infeksiya kasallangan odam biologik suyuqlik bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, yuza qism va materiallar orqali yuqadi. Virus bilan og‘rigan bemorda kuchli bosh va qorin og‘rig‘i, burun va og‘izdan qon ketish kabi alomatlar kuzatiladi. O‘lim darajasi 88 foiz.
“Marburg” isitmasining tabiiy o‘choqlari Janubiy, G‘arbiy va Markaziy Afrika mamlakatlarida. Kasallikning klinik belgilari virus yuqqach, 2-21 kun o‘tib namoyon bo‘ladi. Avvalroq JST “Marburg” virusi global epidemiyasi xavfidan ogohlantirgandi.
O‘zbekiston
Joriy yil 4-7 oktyabr kunlari O‘zbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi Birlashgan Qirollik tarkibidagi Uelsda o‘tkazilgan dunyoning eng murakkab va nufuzli xalqaro harbiy musobaqalaridan biri – “Kembriya patruli-2024”da yurtimiz sharafini munosib himoya qilib, 2-o‘rinni egalladi.
Buyuk Britaniya, AQSH, Fransiya, Hindiston, Germaniya, Latviya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Italiya kabi 30 dan ortiq davlatning 100 dan ortiq jamoasi ishtirokida qizg‘in va murosasiz kechgan tanlovda harbiylar kimyoviy va biologik tahdid sharoitida harakatlanish, hujum amaliyoti va murakkab joylarda yo‘nalishni topish kabi jangovar vazifalarni bajardilar. Umumiy natijaga ko‘ra, O‘zbekiston jamoasi kumush medalga sazovor bo‘ldi.
60 yildan buyon muntazam o‘tkazib kelinayotgan “Kembriya patruli” dunyo bo‘ylab harbiy bo‘linmalarning haqiqiy jangovar sharoitdagi ko‘nikmasi va chidamini sinovdan o‘tkazish uchun birlashtiradi. Tadbirda ishtirokchi bo‘linmalar 48 soatdan kam vaqt ichida 70 km masofani bosib o‘tib, ko‘plab harbiy amallar bajaradi. Mashg‘ulotlar Uelsning markaziy qismidagi tog‘, botqoq kabi murakkab tabiiy sharoitga ega hududlarda o‘tkaziladi.
Qirg‘iziston
Qirg‘izistonda atom elektr stansiyasi qurish uchun mos yer uchastkasi izlash boshlandi, dedi mamlakat energetika vaziri Talaybek Ibrayev “Yeldik” deputatlar guruhi yig‘ilishida. U o‘lkada AESga ehtiyoj borligi, chunki barqaror energiya ta’minotini shakllantirish uchun eng ishonchli yo‘l shu ekanini ta’kidlagan.
Mulozim aytishicha, qo‘shnilar hozirdanoq bu boradagi sa’y-harakatni kuchaytirmoqda. Xususan, Qozog‘iston referendum orqali respublikada AES qurish masalasini muhokama qildi.
Vazir loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishda reaktorlarni sovutishga xizmat qiladigan suv manbasini oldindan ta’minlash, mavjud elektr tarmoqlariga bog‘lanish zarurligini ham qo‘shimcha qilgan. Bu muhim jihatlarga e’tibor bermaslik umumiy xarajatni sezilarli darajada orttiradi. Loyihani “Rosatom” korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari Talaybek Ibrayev 2027 yilga kelib, Qirg‘izistonda elektr energiyasi importini to‘xtatish rejalashtirilayotganini aytdi. Ayni payt mamlakatda taqchillik 300-400 MVt. Ta’kidlanishicha, kamida bitta quyosh elektr stansiyasi ishga tushirilishi orqali respublika importdan butunlay voz kechishi mumkin.
Turkmaniston
Joriy yil 11 oktyabr kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan “Davrlar va sivilizatsiyalar munosabati – tinchlik va taraqqiyot asosi” xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda 10 dan ortiq davlat rahbari, shuningdek SHHT, EKO, TURKSOY, MDH, IHT, YUNESKO kabi xalqaro tuzilmalar yetakchilari ishtirok etishi kutilyapti. Forumda 800 dan ortiq xorijiy OAV vakili qatnashadi.
Konferensiya fikr almashish va Maxtumquli qoldirgan, umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etuvchi merosni muhokama qilish uchun maydonga aylanadi.
Turkmaniston hukumati mazkur tadbir “keng qamrovli va o‘zaro hurmatga asoslangan xalqaro muloqot o‘rnatish uchun siyosiy va ma’naviy platforma” bo‘lishini ta’kidlagan.
O‘tkir MIRZO tayyorladi. O‘zA