Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi

478

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion haftaligi – “INNOWOMENWEEK-2024” o‘tkazilmoqda.

Ushbu loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston  Ixtirochi ayollar markazi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamkorligida tashkil etildi.

Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida bo‘lib o‘tayotgan Ixtirochi xotin-qizlarning innovatsion tadbirkorlik haftaligida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan 200 dan ortiq xotin-qiz o‘z biznes g‘oyalari bilan ishtirok etmoqda.

Mazkur haftalik iqtidorli xotin-qizlar tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan biznes g‘oya va loyihalarning asosiy yo‘nalishlari, holati va darajalarini aniqlash, ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilishlariga ko‘maklashish, tadbirkorlik faoliyatiga innovatsion yondashuvni joriy qilish, opa-singillarimizning o‘z biznes g‘oya va loyihalarini amalga oshirishlariga ko‘maklashish kabi maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatli.

Haftalik doirasida ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlarning innovatsion loyiha, texnologiya hamda mahsulotlari ko‘rgazmasi,  ishtirokchilar uchun ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va tovar belgilarining huquqiy muhofazasi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun biznes seminarlar tashkil qilinib, tajribali tadbirkorlar tomonidan ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar hamda davra suhbatlari bo‘lib o‘tmoqda. Shuningdek, yetakchi  tadbirkor ayollarning amalga oshirgan ishlari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkaziladi.

Haftalik yakunida ishtirokchi xotin-qizlar orttirgan tajriba va ko‘nikmalari asosida tayyorlagan biznes loyihalari bo‘yicha taqdimotlar qilishadi.

“INNOWOMENWEEK-2024” haftaligi doirasida Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy muhofaza qilish tartibi haqida o‘quv-seminari o‘tkazildi.

“XXI asr ilm-fan va biznesdagi ayollar: yutuqlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi  Ozoda Parpiboyeva va boshqalar mamlakatimizda ayollar uchun yaratilayotgan sharoitlar xususida batafsil so‘zladi.

Xotin-qizlarning o‘z iste’dodlarini namoyon qilishlariga imkoniyat yaratish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yil davomida malaka oshirish kurslari, kasb-hunarga yo‘naltirilgan kurslar va mahorat darslari tashkil qilib boriladi.

Iqtidorli xotin-qizlarning tegishli soha  korxonalari ilmiy, texnik va texnologik muammolari bo‘yicha olingan  patentlari asosida innovatsion loyihalarini tayyorlab, Innovatsion rivojlanish agentligi, agentliklar, xolding kompaniyalari, aksiyadorlik jamiyatlari, sanoat korxonalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlarda qatnashishlari bo‘yicha tashkiliy ishlar amalga oshiriladi.

Shuningdek, iqtidorli xotin-qizlar o‘z loyixalari bilan xalqaro tanlovlarda qatnashishlari bo‘yicha ham maqsadli ishlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Iqtidorli xotin-qizlarni  xorijiy mamlakatlarning  oliy o‘quv yurtlari, innovatsiya markazlari va sanoat korxonalariga malaka oshirishga yuborish hamda xalqaro anjumanlar, seminar, yarmarkalar va ko‘rgazmalarda ishtirok etishlari bo‘yicha maqsadli ishlar bajariladi.

Mazkur ishlar respublikamiz xotin-qizlarining innovatsion loyihalarini keng jamoatchilikka targ‘ib etish hamda olima, ixtirochi, tadbirkor va ishbilarmon ayollarning yangi avlodini tarbiyalab o‘stirishga xizmat qiladi.

N.Usmonova,

O‘zA