“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni to‘laqonli ta’minlash va kuchaytirishni nazarda tutuvchi bir qator o‘zgarishlarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, Ombudsman O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis palatalari va Vazirlar Mahkamasiga alohida hisobotlar, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga o‘z faoliyati to‘g‘risida milliy ma’ruza taqdim etishi belgilanmoqda.

Ombudsmanning qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritish huquqi joriy etilmoqda.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida mazkur qonun muhokama qilindi va unda Ombudsman va uning o‘rinbosari vakolatlari, daxlsizligining qo‘shimcha kafolatlari ham joriy etilayotgani qayd etildi.

Qonunga “Ombudsman qutisi” tushunchasi kiritilmoqda. Bu jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida o‘rnatilishi va unga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning murojaat qilish tartibi belgilandi. Qonunda Ombudsmanning mintaqaviy doimiy vakili maqomi ham joriy etilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi Ombudsman institutining mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirishi, institutsional asoslarini takomillashtirishi ta’kidlandi. Tuzilmaning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlari kengayib, hududlardagi ishtiroki to‘liq ta’minlanadi.

Majlisda “Odam savdosi jinoyati uchun jazo choralari kuchaytirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama qilindi.

Qonun inson huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda, jumladan, odam savdosi jinoyati uchun mutanosib sanksiyalar joriy etish zaruriyatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgani ta’kidlandi.

O‘z navbatida, odam savdosi jinoyati o‘g‘irlash, zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish yoxud majburlashning boshqa shakllarini qo‘llash orqali sodir etilganlik uchun jazo chorasi kuchaytirilayotgani alohida ta’kidlandi.

Bundan tashqari, odam savdosi jinoyati ob’ekti bo‘yicha og‘irlashtiruvchi bandlar sifatida homilador ayolga nisbatan sodir etish belgisi qayd etilmagani, shu nuqtai nazardan kelib chiqib, qonun bilan Jinoyat kodeksiga ushbu qilmishlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan og‘irroq jazo choralarini belgilovchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilayotgani e’tirof etildi.

Muhokamalar davomida senatorlar mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishga, unga qarshi samarali kurashishga, bunday qilmishlar uchun mutanosib jazo choralari belgilanishiga, qolaversa, bolalar va xotin-qizlar huquqlari samarali himoya qilinishiga xizmat qilishini qayd etib o‘tdi.

N.Abduraimova, O‘zA