Koreyalik tadbirkorlar yurtimizda quyosh panellari ishlab chiqaradi

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasida Janubiy Koreyaning bir qator firma va kompaniyalari vakillari bilan muzokara bo‘lib o‘tdi. 
Unda Janubiy Koreyaning “Ds Corporation”, “Spero Global”, “Atom Oloy”, “Songwang”,“Open Spase” kabi o‘ndan ortiq firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Ularning ko‘pchiligi yurtimizda o‘z biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi. Xususan, “Atom Oloy“ mamlakatimizda quyosh panellari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. ”Songwang” kompaniyasi esa tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tib, yer olish uchun ariza bergan.
‒ Yurtimizda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yaratilgan qulay sharoitlar Janubiy Koreyadagi ko‘plab investorlarni O‘zbekistonga qiziqishini yanada ortirmoqda, ‒ deydi Jamg‘armaning Koreyadagi vakolatxonasi rahbari Valeriy Kim.
Delegatsiya vakillari O‘zbekistonda mahsulot ishlab chiqarib ichki bozor bilan bir qatorda o‘z mahsulotlarni qo‘shni mamlakatlarga eksport qilishni rejalashtirmoqda.

 

O‘zA