2024 yil 4 yanvarda “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan.
Mazkur farmon bilan bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlarni SMS orqali xabardor qilib borish ko‘zda tutilgan. Deylik, ushbu elektron xabar yuborilgandan keyin ham fuqarolar to‘lovni amalga oshirmasa, ularning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilish vaqtinchalik cheklanadi.
Xo‘sh, bu cheklov qay tartibda amalga oshiriladi?
Ushbu savolga “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev quyidagicha javob berdi:
–Ushbu amaliyotga ko‘ra, qarzdorlik bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmagan shaxslarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash uch bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqichda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2024 yil 1 iyundan 6 oylik qarzdorlik uchun qo‘llaniladi. 2-bosqichda respublikaning barcha hududlarida 2024 yil 1 noyabrdan 3 oylik qarzdorlik uchun va 3-bosqichda mamlakatimizning barcha hududlarida 2025 yil 1 yanvardan 1 oylik qarzdorlik uchun qo‘llash ko‘zda tutilgan.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekistonda aholi chiqindi pulini to‘lamagani uchun elektr energiyasini o‘chirib qo‘yishni boshladi” mazmunidagi xabarlar ham tarqaldi.
Ushbu xabarlarni quyidagicha izohlaymiz. Prezidentimizning yuqorida ta’kidlangan farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning oktyabr oyidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqami orqali mazkur ogohlantirish xabarlarini yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi taqdim etgan ma’lumotlar asosida fuqarolarga SMS xabarlar yubormoqda.
Ayni paytda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan chiqindi bo‘yicha ogohlantirish xabari yuborilganda ham qarzdorlik bartaraf etmagan iste’molchilarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarda cheklovlar kiritish yuzasidan texnik ishlar olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu amaliyotga asosan chiqindidan qarzi bor fuqarolar yuborilgan xabarlardan keyin ham to‘lovni amalga oshirmasa, elektr to‘lovi uchun vaqtinchalik cheklov joriy qilinadi. Bunda fuqarolar elektr ta’minotidan ajratilmaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA