Milliy olimpiya qo‘mitasi xabariga ko‘ra, yangi tashkil etilgan World Boxing rahbari Boris van der Vorst O‘zbekistonga keldi.

Ma’lumki, Xalqaro boks assotsiatsiyasining Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinishi rad etilgandan so‘ng tashkil etilgan World Boxing hozirda olimpiya boksining egasi bo‘lishga da’vogarlik qilmoqda.

Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov bilan uchrashuvda World Boxing prezidenti tashkilot faoliyati, uning maqsadlari haqida ma’lumot berish asnosida 49 ta mamlakat boks uyushmalari ushbu xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lgani, boksning olimpiya o‘yinlaridagi mavqeini saqlab qolish borasida so‘z yuritdi.

Muloqot davomida o‘zbek boksining shonli tarixi, O‘zbekiston bokschilarining “Parij-2024” o‘yinlarida 5 ta oltin medalni qo‘lga kiritgani, “Los-Anjeles – 2028” yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida boksni saqlab qolish masalasida fikrlar bildirildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA