To‘rtko‘l tumanidagi “MAKS-MARMARA” mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari adliya bo‘limiga murojaat qilib, “To‘rtko‘l tumani yo‘llardan foydalanish” unitar korxonasidan 59 million 497 ming 517 so‘m miqdoridagi pul mablag‘ini undirib berishda amaliy yordam so‘ragan.

– Mazkur murojaatni o‘rganish natijasida mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda unitar korxona  o‘rtasida haqiqatdan ham mahsulot yetkazib berish shartnomasi tuzilganligi, ushbu shartnomaning 4.1.-bandiga asosan mahsulot yetkazib beruvchi shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotni “xaridorga” to‘liq yetkazib berish, shuningdek, shartnomaning 5.2.-bandiga asosan “xaridor” shartnoma imzolanib bo‘lgandan keyin 3 (uch) kunlik muddat ichida 100 foiz pulini o‘tkazib berib, to‘liq hisob-kitob qilishi shartligi belgilab qo‘yilganligi aniqlandi, – deydi tuman adliya bo‘limi Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti N.Abduraxmanova. – Ammo “xaridor” tomonidan o‘rganish kuniga maydalangan tosh (sheben) mahsuloti uchun yetkazib beruvchiga 59 million 497 ming 517 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i to‘lanmasdan kelinayotganligi aniqlandi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, tuman adliya bo‘limi tomonidan “To‘rtko‘l tumani yo‘llardan foydalanish” unitar korxonadan “MAKS-MARMARA” mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga qarzdorlikni undirish maqsadida, Beruniy tumanlararo Iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritildi. Natijada  tadbirkorga to‘lanmasdan kelinayotgan pullarni to‘lash bo‘yicha sudning hal qiluv qarori chiqarilib tadbirkorning huquqi tiklandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.