Pedagoglarning zamonaviy metodikalar bo‘yicha malakasi oshirilishi ta’lim sifatini yaxshilovchi omillardan biri sanaladi.

Ayniqsa, xalqaro hamkorlik orqali rivojlangan mamlakatlarning ta’lim tizimi, metodlari va pedagogik amaliyotlarini o‘rganish imkoniyatlari yaratilayotgani e’tiborga molik.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan AQSHning Mehribonlik korpusi (Mercy Corps) xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda maktabgacha ta’lim tashkilotlari metodistlari uchun treninglar tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidan 24 nafar metodist ishtirok etmoqda. Mazkur tadbir “O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimida bolalarning ilk yoshidan savodxonlik, ratsional ovqatlanish, gigiyena va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishda kompetensiyaviy yondashuvni joriy etish” mavzusiga bag‘ishlangan.

Jarayonlar 6 kun davom etadi, unda qatnashgan murabbiylar kelgusida 128 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlariga kaskad usulida o‘z bilimlarini o‘z hamkasblari bilan o‘rtoqlashishadi, deyiladi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lumotida.

Trening mashg‘ulotlari davomida pedagoglar yangi pedagogik usullar, bolalarning shaxsiy xususiyatlarini hisobga olib, ta’lim berishning innovatsion yondashuvlari bilan tanishishlari maqsad qilingan.

Shuningdek, amaliy mashg‘ulotlar doirasida bolalarning o‘qish, yozish, muloqot qilish ko‘nikmalari hamda ratsional ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga oid bilimlarini rivojlantirish haqida so‘z yuritildi.

M.Hojiakbarova, O‘zA