Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Talabalikka bag‘ishlov” deb nomlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda filial rahbariyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar qatnashdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida o‘zgarishlar va yangilanishlar yuz berib, yoshlarga sifatli ta’lim berish borasida izchil ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 2024-2025 o‘quv yilida 1-kursga qabul qilingan talaba-yoshlarni samimiy qutlab, ularga kelgusida zafarlar tiladi.

Shuningdek, Prezidentimizning ezgu tashabbusi bilan qoraqalpog‘istonlik yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, joriy yilda ham respublika shahar va tumanlari uchun zarur bo‘lgan mutaxassisliklar sonidan va kadrlarning ichki zaruriyatidan kelib chiqib, 10 ming qo‘shimcha kvota ajratilganligi qayd etildi. Ushbu kvota asosida filialga 14 nafar talaba o‘qishga qabul qilindi.

Tadbirda joriy yilda qabul qilingan talaba-yoshlarga filialning ramziy kaliti hamda guvohnoma topshirildi. Yuqori ball asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar ramziy reyting daftarchasini qabul qilib olishdi.

Tantanali marosimdan so‘ng konsert dasturi namoyish etildi. Unda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi taniqli  qo‘shiqchilari, filialning iqtidorli talaba-yoshlaridan tashkil topgan jamoa a’zolari ijrosidagi ajoyib  kuy-qo‘shiqlar va jozibali raqslar, talabalik davrni aks ettiruvchi qiziqarli chiqishlar yig‘ilganlarga xushkayfiyat taqdim etdi.

 Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.