Qozog‘istonda atom elektr stansiyalari masalasida referendum o‘tgan, deb tan olindi. 6 oktyabr, yakshanba kuni davlat matbuoti xabar berishicha, soat 14:00 holatiga ko‘ra, saylovchilarning dastlabki ishtiroki 51,77 foizni ko‘rsatdi.

Referendumda jami 6 339 425 kishi ovoz bergan. Bu saylov huquqiga ega fuqarolarning 50 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. “Respublika referendumi to‘g‘risida”gi Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunining 31-moddasi 2-bandiga muvofiq, bunday holatda tadbir o‘tgan hisoblanadi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Sabila Mustafina bayonot bergan.

Ovoz berish uchun asosiy savol sifatida “Siz Qozog‘istonda atom elektr stansiyasi qurilishiga rozimisiz?” jumlasi qo‘yilgan, javob varianti ikki xil edi – “Ha, roziman” va “Yo‘q, rozi emasman”. Axborotnomalar qozoq va rus tillarida chop etildi.

Umuman, qonunga ko‘ra, ovoz berishda 12 244 683 fuqaro qatnashishi mumkin.

Referendumda 30 xorijiy davlat, 4 xalqaro tashkilotdan 177 kuzatuvchi, shuningdek 37 davlatdan 200 nafar xorijiy jurnalist akkreditatsiyadan o‘tdi.

Barcha saylov uchastkalarida ovoz qabul qilish bir vaqt – 20.00da yakunlandi. Natija 7 kun ichida e’lon qilinadi.