To‘rtko‘l tumanida O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Turkmaniston va Tatariston xalq artisti, davlat mukofoti sohibi, mohir sozanda va xonanda Otajon Xudoyshukurovning 80 yillik yubileyi munosabati bilan “Ona diyor kuychisi” respublika ko‘rik-tanlovi va madaniy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Dastlab tadbir ishtirokchilari tomonidan tuman madaniyat saroyi oldidagi Otajon Xudoyshukurov byusti poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

O.Xudoyshukurov yoqimli ovozi, betakror iste’dodi bilan nafaqat yurtimizda, balki Markaziy Osiyoda mashhur bo‘ldi. U milliy madaniyatimiz rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan, uni dunyo xalqlariga tanitishda faollik ko‘rsatgan san’atimizning yirik namoyondalaridan biri edi.

Tadbir ishtirokchilari, tuman faollari va bir guruh nuroniylar Madaniyat saroyda tashkil qilingan mohir sozanda va xonanda nomidagi muzeyga va uy muzeyiga tashrif buyurib, san’atkorning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishdi.

Darhaqiqat, har qanday bebaho ijod namunasi qancha davrlar, zamonlar o‘tmasin, o‘z ixlosmandlarini topib, o‘zida o‘sha davr ruhini mujassam etish bilan birga, insonlarni yaxshilikka, ezgu ishlarga boshlaydi. Otajon Xudoyshukurov ham o‘zidan mana shunday o‘lmas ijodiy meros qoldirgan insonlardan biridir. Milliy madaniyatimizni yuksak cho‘qqilarga olib chiqqan mashhur xonandaning ijodi hali uzoq yillargacha xalqimiz qalbida yashab, san’atimizning bebaho durdonasi sifatida qadr topaveradi.

Shu kuni mohir sozanda va xonandaning 80 yillik yubileyi munosabati bilan “Ustozni eslab” mavzusida konsert dasturi tashkil etildi. Unda taniqli xonandalar va san’atkorlar ustoz ijodidan kuy-qo‘shiqlar ijro etdi.

“Ona diyor kuychisi” respublika ko‘rik-tanlovining saralash bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan tashrif buyurgan 17 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar yosh ijrochi xonanda ishtirok etdi. Tanlovning birinchi bosqichi ustoz san’atkor ijrosidagi “Feruz” turkumidagi lirik ashulalarga o‘xshash qo‘shiqlardan birini, ikkinchi bosqich Otajon Xudoyshukurov tomonidan yaratilgan ashulalardan bir qo‘shiq ijro qilinishi bilan o‘tkazildi.

Ko‘rik-tanlov yakunida Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan ishtirokchi Sirojiddin Omonov faxrli birinchi o‘ringa loyiq deb topildi. To‘rtko‘l tumanidan Erkin Madrahimov hamda Samarqand viloyatidan Murod Nuriyev ikkinchi, To‘rtko‘l tumanidan Alisher Karimboyev hamda Navoiy viloyatidan Ulug‘bek Saidov uchinchi o‘rinlarni egalladi.

Shuningdek, “Eng yaxshi suvora ijrochisi” nominatsiyasi bo‘yicha Tohir Atadjanov, “Eng yaxshi ovoz sohibi” nominatsiyasi bo‘yicha Sirojiddin Yuldashev, “Eng yaxshi yosh ijrochi” nominatsiyasi bo‘yicha Bo‘ribek Bahramov va “Eng yaxshi o‘xshash ovoz sohibi” nominatsiyasi bo‘yicha Ixtiyor Allayarov taqdirlandi.

Ko‘rik-tanlovi g‘oliblari hamda faol ishtirokchilarga pul mukofoti hamda maxsus sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, tadbir tashkilotchilaridan bir guruhi  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qaroriga muvofiq “Ardoqli nuroniy”  hamda “Vatan fidoyisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.

“Ona diyor kuychisi” respublika ko‘rik-tanlovi va uning doirasida o‘tkazilgan madaniy tadbirlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA.