Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida

410

Germaniyada nashr etiladigan “Masche” jurnali Samarqandda Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF) bilan hamkorlikda o‘tkazilgan yillik konferensiyasiga bag‘ishlangan maqola chop etdi.

Muallif Aleksa Bitser ushbu nufuzli tadbir jahon to‘qimachilik sanoatining eng yirik ikki tashkiloti bilan birgalikda o‘tkazilgani, Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan O‘zbekiston ilk bor ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilganini alohida voqe’lik sifatida ta’riflagan.

Unda qayd etilishicha, mazkur anjumanda Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadan 500dan ortiq  yetakchi to‘qimachilik sanoati  vakillari ishtirok etdi. Tadbir doirasida sun’iy intellekt, raqamlashtirish, barqaror rivojlanish, mahsulotlarni qayta ishlash va ta’minot zanjirlarini optimallashtirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

“2017 yildan buyon O‘zbekistonda to‘qimachilik sanoatida amalga oshirilgan chuqur islohotlar natijasida mehnat sharoitlari va atrof-muhitni muhofaza qilish ko‘rsatkichlari jahon standartlariga muvofiqlashtirilgan. Xususan, mamlakat 2017 yildan boshlab ishchi kuchi va mehnat huquqlarini takomillashtirish, bolalar mehnatiga barham berish va majburiy mehnatga qarshi keskin choralarni ko‘rdi. Buning natijasida Xalqaro mehnat tashkiloti 2021 yilda O‘zbekistonda bolalar va majburiy mehnatga butunlay barham berilganini e’lon qilgan edi va 2022 yilda “Cotton Campaign” tashkiloti o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotni rasman bekor qildi”, -deya ta’kidlangan maqolada.

O‘zA