Joriy yil 4 oktyabrda “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Xususan, qarorga asosan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida bir qator vazifalar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi.
Mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish, aholi bandligini ta’minlash dasturlarini shakllantirish, bo‘sh ish o‘rinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga, kambag‘allikni qisqartirish hamda hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish shular jumlasidandir.
Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatildi.
2025 yil 1 dekabrgacha 50 ta tumanda, 2026 yilda qolgan tumanlarda 50–100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog‘ va uzumzorlar tashkil etiladi. Ijara asosida yer maydonlari ajratilgan tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA