Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Isroilga G‘azo sektoridagi urush uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan qurol-yaroq yetkazib berishni to‘xtatishga chaqirdi va harbiy mojaroning “siyosiy yechimi” tarafdori ekanini ta’kidladi. Bu haqda “Euro News” xabar qildi.

– Menimcha, bugungi kundagi ustuvor vazifa G‘azodagi jang uchun qurol yetkazib berishni to‘xtatib, siyosiy yechimga qaytish, – dedi Makron “France Inter” radiosi orqali. U Fransiya hozir yahudiy davlatiga hech qanday qurol yetkazib bermayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiya yetakchisining intervyusi seshanba kuni tushdan keyin, Eronning yahudiy davlatiga zarba berishidan oldin yozib olingan. “Etcetera” tomonidan efirga uzatilgan maxsus eshittirish Frankofoniya sammitiga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, ishtirokchilar xalqaro kun tartibidagi boshqa dolzarb mavzularga ham murojaat qilishgan.

Makron, shuningdek, sulh bitimiga erishish uchun diplomatik sa’y-harakat faol davom etayotganiga qaramay, G‘azoda aytarli natija yo‘qligidan afsusda ekanini bildirdi.

– Fikrimcha, bizni  eshitishmayapti, – degan u davlat radiosi orqali. – Men bu haqda Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga yana bir bor aytdim. Bu xato, jumladan Isroil xavfsizligi uchun ham.