Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tatariston xalq artisti Tamara Doshumovaning 70 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi qo‘mita raisi T.Romanov so‘zga chiqib, xonandaning yurtimiz madaniyati va san’atini rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidladi.

T.Doshumova mehnat faoliyati davomida davlat konsertlari, Dog‘iston, Tatariston, Boshqirdiston, Ozarbayjon, Tojikiston Respublikalari va Rossiya Federatsiyasida bir necha bor o‘tkazilgan Qoraqalpoq madaniyati va adabiyoti kunlarining faol ishtirokchisi bo‘ldi. U o‘zining alohida iste’dodi, keng diapazonli ovozi, betakror ijro mahorati, tinimsiz mehnati tufayli xalqimiz orasida alohida hurmat-ehtiromga sazovor bo‘lgan, el-yurt ardog‘idagi san’atkorga aylandi.

U qo‘shiqlari orqali “Orol bulbuli”, “Qoraqalpoq bulbuli”, “Qo‘shiqchilar sardori”, “Afsonaviy qo‘shiqchi” kabi yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi. Uning madaniyatimiz va san’atimiz rivojiga qo‘shgan hissasi munosib baholanib, 1974 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist”, so‘ngra, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tatariston xalq artisti faxriy unvonlari, 1984 yilda Berdaq nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston san’at ustalari tomonidan Tamara Doshumova repertuaridagi qo‘shiqlardan tashkil topgan konsert dasturi yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.