Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy Kengashlarga deputatlikka ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda partiya Markaziy Kengashi vakillari, boshlang‘ich partiya tashkilotlari a’zolari, nuroniy otaxon va onaxonlar, hunarmand va sportchilar, partiyaga xayrixoh yoshlar, xotin-qizlar, mahalla faollari, saylovchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiori ostidagi uchrashuvning ahamiyatiga to‘xtaldi. Madaniy yodgorliklarni asrab-avaylash, kelajak avlodlarga beshikast yetkazish, xalqimizning milliy urf-odat, an’ana va qadriyatlar, ko‘p asrlik tarixini chuqur o‘rganish, targ‘ib etish, har bir vatandoshimiz ongida vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish va mustahkamlash “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ustuvor vazifalari hisoblanadi.

Partiyaning bosh maqsadi – Qudratli davlatga tayangan, qonunlari milliy va umuminsoniy qadriyatlarga uyg‘un, inson qadri baland, farovon jamiyat qurishdir. Yetti yo‘nalishdan iborat 2025 – 2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturning asosiy maqsadi – “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot”dir.

Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga ko‘rsatilgan nomzodlar ham so‘zga chiqib, o‘z saylov hududi shart-sharoiti va aholi murojaatlaridan kelib chiqib tayyorlagan Saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, albatta, aholi farovonligini oshirish, mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi orqali odamlarni rozi qilishdir.

Uchrashuvda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov saylovoldi dasturi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, tarbiya va ta’lim o‘zaro mutanosib, bir-birini to‘ldiruvchi jarayon, ularni ajratib bo‘lmasligi, bu ikki jarayonni o‘zaro uyg‘un, uzluksiz asosda tashkil etish odobli, yuksak ma’naviyatli, shu bilan birga, bilimdon, ruhan va jismonan sog‘lom, axloqiy fazilatlarga, keng dunyoqarash va tafakkurga, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lgan vatanparvarlarni tarbiyalash va voyaga yetkazishning asosi hisoblanadi.

Nomzodlarning kelajakda deputat sifatida o‘z vazifalarini sidqi dildan bajarishga hamda barcha sa’y-harakatlarini mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini oshirishga qaratish, asl maqsadi – xalqimizning orzu-umid va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda bu yo‘lda yelkama-yelka harakat qilishiga ishonch bildirdilar va barchani 27 oktyabrda o‘tadigan saylovlarda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlariga ovoz berishga chaqirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.