26 sentyabr kuni “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi doirasida quyidagilar amalga oshiriladi:

— kichik va o‘rta guruhlardagi bolalarda kognitiv, psixomotor va ijtimoiy ko‘nikmalarni rivojlantirish;

— katta va maktabga tayyorlov guruhlaridagi bolalarda bilim olish, kommunikativ va ijodiy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqish.

2026/2027 o‘quv yilidan:

— bog‘chalar tomonidan Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida bolaning rivojlanish xaritasini yuritish amaliyoti joriy qilinadi;

— maktabga tayyorlov guruhlarini tamomlagan bolalarga ularning rivojlanish xaritasi asosida bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tganlik haqida elektron sertifikat berish yo‘lga qo‘yiladi.

2025 yil 1 avgustgacha:

— maktabgacha ta’limning davlat ta’lim dasturi doirasida ishlab chiqilgan elektron resurslar, audiovizual mahsulotlar va o‘quv-metodik materiallar Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida joylashtiriladi hamda ulardan erkin va bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi;

— Maktabgacha ta’limni boshqarish axborot tizimida ota-onalar uchun shaxsiy kabinet yaratiladi va unda bolaning rivojlanish xaritasi ma’lumotlarining joylashtirilishi ta’minlanadi.

O‘zA