Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidagi muqaddam qadamjolardan biri – Ishanqal’a (Eshonqal’a) hozirgi Kegeyli tumani hududidagi Xalqobod shahrining janubiy-sharqidan bir kilometrlik masofada joylashgan.
Ma’lumki, XVIII asr boshlarida Qoraqalpog‘iston hududida diniy qarashlar ancha kuchaygan va shu vaqtlarda ko‘pgina madrasa, masjid, diniy ta’limot beruvchi kichik-kichik qal’alar qurilgan. Ishanqal’a – ulardan biri.
Tarixchi olimlarning bildirishicha, Ishanqal’a qo‘rg‘oni XVIII asrning II yarmidan boshlab bunyod etila boshlagan. Maskanda madrasa, masjid, kutubxona, talabalar yotoqxonasi, karvonsaroy joy olgan. Qal’aga shu vaqtda savodli va diniy bilimga ega odamlar ko‘p yig‘ilgan. Madrasaga o‘qish uchun ko‘plab talabalar kelgan.
Ishanqal’adagi masjid-madrasa hozirda ham saqlanib qolgan. Qal’a asosan diniy ta’lim berish maqsadida qurilgani bois, uning devorlari juda ham baland emas. Qal’aning ichidagi uylar bir qavatli va ba’zilari ikki qavatli bo‘lgan. Asosiy devorlari qurilganidan so‘ng, qal’aning tashqarisiga ham uylar barpo etilgan.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA