Xorijiy investitsiyalarni keng jalb etishga qaratilgan tadbirlar doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi 2024 yilda 604 million AQSH dollarlik 34 ta loyihadan iborat xorijiy investitsiya va kreditning o‘zlashtirilishiga mas’ul etib belgilangan.

To‘rtko‘l tumanidagi O‘ngqirg‘oq kanalida 2 mVt quvvatli gidroelektrostansiya qurish loyihasi bilan chiqqan “Voris China” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan yer ajratilishi bilan bog‘liq muammosi mahalliy hokimiyat va bojxona organlari sa’y-harakatlari bilan ijobiy hal etildi. Kanal atrofidan ajratib berilgan 1,4 gektar yer maydonida yangi gidroelektrostansiya qurilish ishlari boshlanish arafasida.

Tumandagi shisha idishlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxona bugun nafaqat ichki bozorda, balki jahon mamlakatlarida ham o‘zining doimiy xaridoriga ega. 20 tadan ziyod turdagi shisha idish ishlab chiqarayotgan korxonada bugun 150 nafarga yaqin mahalliy aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

Korxona mahsulotlarini eksportga yo‘naltirishda bojxona sohasida yaratilgan imtiyoz va qulayliklardan ham samarali foydalanmoqda. Sutkasiga 32 tonna shisha idish ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan mazkur korxonada “To‘rtko‘l” bojxona punkti xodimlari tomonidan sohadagi o‘zgarish va yangilanishlar bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.