O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining o‘rinbosari Shuhrat Polvonov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) Ijroiya qo‘mitasining Saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi shtabi rahbari Yevgeniy Kozyak va shtab a’zosi Marina Afonina bilan uchrashdi.

Muloqot davomida mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Jumladan, sohaning qonunchilik asoslarini mustahkamlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi – sud hokimiyatining mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.

Delegatsiya a’zolariga mamlakatimiz saylov qonunchiligi bo‘yicha batafsil axborot berildi. Xususan, Saylov kodeksida belgilangan saylov komissiyalarining qarorlari ustidan tushgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tartibiga oid ma’lumotlar mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.

Qonunchiligimizda saylovni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun tegishli ma’muriy javobgarlik hamda saylov tashkil qilish, uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi qayd etildi.

Uchrashuv doirasida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA