Yurtimizda bo‘lib o‘tadigan parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarini kuzatish maqsadida turli xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar kuzatuvchilari o‘z missiyasini boshlab yuborgan.

O‘zbekiston “Adolat“ SDP Siyosiy Kengashi raisi Robaxon Mahmudova MDH Bosh kotibi o‘rinbosari Denis Trefilov hamda MDH Ijroiya qo‘mitasi missiya shtabi rahbari Yevgeniy Kozyak bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Robaxon Mahmudova xorijiy kuzatuvchilarga bo‘lajak saylovlarda munosib ishtirok etish maqsadida partiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar, jumladan, partiyaning 2025-2029 yillarga mo‘ljallangan Saylovoldi dasturi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlarni shakllantirish jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, ayni paytda qizg‘in pallaga kirgan saylovoldi tashviqoti davrida partiya va nomzodlarning ishtirokiga to‘xtaldi.

Bu yil ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilayotgan saylovlarga partiyaning qizg‘in tayyorgarlik ko‘rayotgani mehmonlar tomonidan yuqori baholandi. Shuningdek, delegatsiya vakillari saylovlar bo‘yicha kuzatuv olib borish tartibiga to‘xtalib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga partiya yetakchisidan javob oldi.

Uchrashuv samimiy va konstruktiv ruhda o‘tdi.

M.Komilova, O‘zA