O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 23 sentyabr kuni qurilish industriyasi va qurilish materiallari tarmog‘ini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu yig‘ilish davomida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga berilgan topshiriqlarga muvofiq, qurilish materiallari bozorida mahalliy mahsulot bilan to‘yinish darajasi past bo‘lgan va import hajmi yuqoriligicha qolayotgan bozorlar tahlil qilindi.

O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bir qancha mahalliy mahsulotga to‘yinmagan va tadbirkorlar tomonidan yangi ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari mavjud bozorlar aniqlandi. Jumladan, germetika, fanera, bug‘ qozonlari, koler (rang beruvchi moddalar), gulqog‘ozlar, PVA kleyi, parket panellar hamda sement va betonlar uchun tayyor qo‘shimchalar.

Qo‘mita ushbu o‘rganishlarni davom ettiradi. Mahalliy bozorlarning to‘yingani va to‘yinmagani bo‘yicha Hukumat va tadbirkorlarga mahalliy mahsulot bilan to‘yinmagan qurilish materiallari bozorlari va yangi ishlab chiqarishni tashkil etish imkoniyatlari bo‘yicha takliflar kiritib boradi.

N.Rahmonova, O‘zA