Futbol bo‘yicha Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining g‘arbiy mintaqasida ikkinchi tur uchrashuvlari yakunlandi. O‘zbek futbol ixlosmandlari uchun ushbu turdagi eng qiziqarli va hayajonga solgan uchrashuv “D” guruhidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Shabab Al-Ahli” uchrashuvi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Qarshi shahridagi “Markaziy” stadionida o‘tkazilgan ushbu jamoalar bahsi biz uchun hayajonli o‘tdi. Uchrashuvning 19-daqiqasida “Shabab Al-Ahli” a’zosi Lima hisobni ochdi. Biroq, “Nasaf” bu holatdan chiqib ketishni uddaladi. 83- va 90+2 daqiqalarda Zoran Marushich gol urib, “Nasaf” g‘alabasini ta’minladi.

Zoranning ushbu uchrashuvdagi harakati “Sofa Score” portali tomonidan yuqori baholandi va o‘yinda eng ko‘p ball to‘plagan o‘yinchiga aylandi. Ushbu bahs davomida “Nasaf” raqib darvozasi tomon 19 marta zarba berishni uddaladi, mehmon jamoada esa bu ko‘rsatkich 10 tani tashkil qildi. Aniq zarbalar soni ham Qarshi shahri jamoasi tomonida bo‘ldi – 7/3.

Shuningdek, ushbu guruhdan o‘rin olgan “Al Husayn” va “Kuvayt SK” jamoasi o‘rtasidagi o‘yin ham 2:1 hisobida yakunlandi.

Shu tariqa, “Nasaf” “D” guruhida 4 ochko bilan peshqadamga aylanib oldi. “Shabab Al-Ahli” va “Al-Husayn” esa 3 ochko bilan 2-3 o‘ringa joylashgan bo‘lsa, “Kuvayt SK” ikki o‘yindagi mag‘lubiyat evaziga so‘nggi pog‘onadan joy oldi.

Endi 23 oktyabr kuni ushbu guruhda uchinchi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Unda “Nasaf” – “Al-Husayn”, “Shabab Al-Ahli” – “Kuvayt SK” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.

Musobaqaning  “A” guruhidan joy olgan “Traktor” va “Mohun Bagan” jamoalari bahsi noma’lum sababga ko‘ra o‘tkazilmadi. “Ravshan” va “Al-Vakra” uchrashuvida esa 0:1 hisobi qayd etildi. Mazkur natijalardan so‘ng “Traktor” klubi 3 ochko bilan guruhda birinchi bo‘lib turibdi. Bir mag‘lubiyat va g‘alaba qayd etgan “Al-Vakra” jamoasida ham 3 ochko bor.  “Mohun Bagan” va “Ravshan” hamon ochkosiz qolmoqda.

Endi uchinchi turda “Traktor” – “Ravshan”, “Mohun Bagan” – “Al-Vakra” jamoalari uchrashuviga guvoh bo‘lamiz.

“B” guruhida “Al-Tavun” o‘z maydonida “Al Quva Al-Javiya”ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. “Altin Asr” va “Al-Xaldiya” klublari o‘rtasidagi o‘yin 0:1 hisobida yakunlandi. Shu tariqa, “Al Quva Al-Javiya” ketma-ket ikki turda zafar quchib, ochkolarini 6 taga yetkazib olgan bo‘lsa, “Al-Tavun” hamda “Al-Xaldiya” 3 ochkodan jamg‘arib, keyingi o‘rinlarda bormoqda. “Altin Asr” guruh autsayderi bo‘lib turibdi.

3-turda “Al-Tavun” – “Altin Asr”, “Al Quva Al-Javiya” – “Al-Xaldiya” jamoalari bellashuvi o‘tkaziladi.

“S” guruhida “Sepahon” ikkinchi tur uchrashuvida “Istiqlol” jamoasi darvozasiga javobsiz to‘rtta gol urdi. Mazkur guruh peshqadamligi uchun kurashayotgan “Sharja” va “Al-Vehdat” klublari bahsi 2:2 hisobidagi durang bilan yakunlandi.

Qayd etilgan ushbu natijalardan so‘ng ushbu guruhda “Al-Vehdat” va “Sharja” bir xil 4 ochko bilan guruhdagi yuqori pog‘onalardan o‘rin oldi. “Sepahon” esa 3 ochko bilan uchinchi o‘rinni band etdi. “Istiqlol” jamoasi esa musobaqadagi omadsiz yurishini bu turda ham davom ettirdi.

Bu guruhdagi uchinchi turda “Sharja” – “Sepahon”, “Istiqlol” – “Al-Vehdat”  klublari o‘zaro kuch sinashadi.

Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining Sharqiy mintaqasida ikkinchi tur uchrashuvlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo chempionlar ligasi 2-musobaqasining guruh bosqichida 1-2 o‘rinni egallagan 16 ta jamoa pley-off bosqichiga chiqadi. Pley-off bosqichi uchun qur’a tashlash marosimi joriy yilning 12 dekabr kuni o‘tkaziladi.

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA