Butunjahon boks tashkiloti (WBO) sentyabr oyi uchun o‘zining yangilangan reytingini e’lon qildi. Mazkur reytingdan mamlakatimizning 7 nafar bokschisi joy oldi.

Mazkur reytingning yarim o‘rta vazn toifasida Shahram G‘iyosov o‘tgan oydagi kabi o‘z peshqadamligini saqlab qolgan bo‘lsa, Olimjon Nazarov o‘ta yengil vaznda to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Birinchi yarim yengil vazn toifasida ringga chiqayotgan Muhammad Shexov esa bir pog‘ona ko‘tarilib, kuchli beshlikni yakunlab berdi. Murodjon Ahmadaliyev birinchi yarim yengil vazn toifasida 8-o‘rinni egalladi.

Joriy yilgi mavsumda o‘zining bor e’tiborini Olimpiya o‘yinlarida ikkinchi bora g‘olib bo‘lishga qaratgan Hasanboy Do‘smatova WBO reytingida biroz pastladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Hasanboy Do‘smatov birinchi o‘ta yengil vaznda o‘tgan oydagidan ikki pog‘ona pastlab, 10-o‘rindan joy oldi.

Shuningdek, Bektemir Meliqo‘ziyev super o‘rta vaznda 11, Bahodir Jalolov esa super og‘ir vaznda 15-o‘rinda qoldi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA