Yaponiya parlamenti quyi palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida Sigeru Isiba mamlakatning 102-Bosh vaziri etib tayinlandi. Hukmron Liberal-demokratik partiya (LDP) va ittifoqchi “Komeyto” fraksiyasi har ikki palatasini nazorat qilishini hisobga olsak, bu kutilgan qaror edi. “Kyodo” yozishicha, hukumatni shakllantirishni boshlab yuborgan Isiba tez orada yangi tarkibni e’lon qiladi. Keyinroq imperator Naruxito tayinlovni tasdiqlashi kutilmoqda.
67 yoshli Sigeru mudofaa, qishloq xo‘jaligi vaziri, LDP Bosh kotibi kabi yuqori davlat lavozimlarida ishlab, boy tajriba to‘plagan. Beshinchi urinishda partiya yetakchiligini qo‘lga kiritgan Isiba mudofaa siyosati sohasida ekspert sifatida ham tanilgan. U “NATOning Osiyo talqini” va AQSH bilan xavfsizlik sohasida yangilangan alyans tashkil etishni taklif qilmoqda. Qolaversa, mamlakatning o‘zini mudofa qilish kuchini rasman qayd etish uchun Yaponiya konstitutsiyasiga tuzatish kiritilishiga erishishni rejalashtirgan. Bundan tashqari tabiiy ofatlar oqibatini bartaraf etish bo‘yicha agentlik tuzish tarafdori.
Ta’kidlash joiz, avgust oyida Kisida LDP funksionerlarining partiya mablag‘ini o‘zlashtirishi bilan bog‘liq mojaro tufayli partiya rahbarligiga o‘tkaziladigan saylovda nomzodini ikkinchi muddatga qo‘ymaslik qarorini ma’lum qilgandi.