Rossiyaning bir qator davlat ommaviy axborot vositalariga “Facebook”, “Instagram” va “WhatsApp”dan foydalanish taqiqlanmoqda.
“Meta” korporatsiyasi ma’lum qilishicha, rossiyaliklar internetda yashirin ta’sir o‘tkazish uchun yolg‘on taktikadan foydalangan. Shu bois RT va “Rossiya Segodnya” kabi media tuzilmalarga muayyan platformalarda ishlash cheklanadi.
Taqiq sababi sifatida ushbu shoxobchalar tomonidan onlayn rejimda yashirin ta’sir o‘tkazish va aldamchi usullar qo‘llash holatlari kuzatilgani keltirilgan. Bayonotda cheklov yaqin kunlarda joriy etilishi ta’kidlangan.
– Uzoq munozaradan so‘ng biz Rossiya davlat ommaviy axborot vositalariga nisbatan ta’sir chorasini kuchaytirdik, – degan korporatsiya matbuot kotibi. – Tegishli tuzilmalar endi o‘zaro va tashqi aloqa uchun ilovalarimizdan foydalana olmaydi.