Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan yurtimiz rivoji, navqiron va bilimli yosh avlodni tarbiyalash yo‘lida sermahsul mehnat qilib kelayotgan bir guruh soha fidoyilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev sana munosabati bilan yig‘ilganlarni samimiy muborakbod etib, Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu tashabbuslar, ta’lim tizimini rivojlangan davlatlar tajribalari asosida isloh qilish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasidagi keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi munosabati bilan mukofotlanganlarga orden va medallar topshirildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qaroriga muvofiq, yurtimizni har tomonlama rivojlantirish va xalqimizning obod turmushini ta’minlash yo‘lidagi fidokorona mehnati, yosh avlodni Vatanga muhabbat va mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruxida tarbiyalash hamda ularni navqiron va bilimli yoshlar qilib kamol toptirish yo‘lidagi faolligi uchun bir guruh o‘qituvchi va murabbiylar faxriy unvonlar va ko‘krak nishonlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining “Xalq ta’limi fidoyisi” va “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.