Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida “Jamiyatda radikallashuv, yoshlar ongining buzg‘unchi, yot g‘oyalar bilan zaharlanishi, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishning oldini olishga qaratilgan ustuvor vazifalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Ichki ishlar vazirligi Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari,  Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Nukus shahar hududiy boshqarmasi xodimlari,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi targ‘iboti guruhi a’zolari hamda bojxona boshqarmasi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar bojxona organlari tomonidan “Bojxona xizmati to‘g‘risida”gi qonunga rioya etilishi hamda xodimlar va ularning oila a’zolari turli diniy oqimlarga aralashib qolmaslik, axborot olish va tarqatish vaqtida ehtiyotkor bo‘lish, internetda begona insonlarning yaxshi gap-so‘zlariga uchmaslik bilan bir qatorda, bojxona chegaralari orqali diniy mazmundagi materiallarning noqonuniy ravishda olib o‘tilishiga har doim hushyor turishlari lozimligi ta’kidlandi.

Ko‘p millatli mamlakatimizda diniy bag‘rikenglik masalasi doimo kun tartibida bo‘lib kelgan. Zotan, yuksak ma’naviyat sari intilayotgan dunyoviy davlatda diniy qadriyatlar oxirgi o‘rindagi masala emas. Ularni hurmat qilish, to‘g‘ri talqin etish, e’tiborsiz qoldirmaslik, lekin bir vaqtning o‘zida dinga yondashuv me’yorlarini buzmaslik lozim.

Tadbirda diniy mazmundagi materiallar tarqalishi yuzasidan qonunbuzilishi holatlari, fuqarolarimiz qanday bu yo‘lga tushib qolishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, o‘zaro fikr almashildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga mavzuga oid videorolik namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.