“O‘zbekkosmos” agentligi “Butunjahon kosmos haftaligi” doirasida ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Agentlik tashabbusi bilan joriy yilning 4-10-oktyabr kunlari mamlakatimizda “Butunjahon kosmos haftaligi” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1999 yilda imzolangan rezolyutsiyaga muvofiq, har yili oktyabr oyining dastlabki 10 kunligida dunyoning 100 ga yaqin davlatlari mazkur sanani keng nishonlaydi.

4-10-oktyabr kunlari “Tashkent City Mall” markazida kosmos tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma o‘z ishini boshlaydi.

Qolaversa, bolajonlar uchun majmuadagi “Sky Park” tomonidan turli interaktiv shou o‘yinlar, tanlov va viktorinalar o‘tkaziladi, deyiladi Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotida.

Shu bilan birga, 5-6-oktyabr kunlari Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetida “O‘zbekkosmos” agentligi va NASA hamkorligida tashkil etilayotgan yirik “NASA Space Apps Challenge 2024” xakatoni bo‘lib o‘tadi. Unda 200 nafardan ziyod yoshlar 40 ga yaqin jamoalarga bo‘lingan holda o‘z loyihalarini ishlab chiqishadi.

Shuningdek, butun Respublika bo‘yicha umumta’lim maktablari, akademik litsey va universitetlarda “Butunjahon kosmos haftaligi” mavzusiga bag‘ishlangan ochiq darslar, suhbat, taqdimot va boshqa qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

A.RUSTAMOV, O‘zA