Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Dovut-ota” chegara bojxona posti orqali Rossiya Federatsiyasidan mamlakatimizga kirib kelgan “kurerlik jo‘natmalari” bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida pnevmatik qurollar hamda uning o‘qlari borligi aniqlandi.
Post xodimlari tomonidan xizmat iti va rentgen apparati yordamida yuk-kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan Rossiya fuqarosiga tegishli bo‘lgan 1 dona 4,5 mm. pnevmatik to‘pponcha, 2 dona gaz baloni, 1 dona tozalash uchun mo‘ljallangan anjom, 2 dona o‘qdon va pnevmatik qurol uchun 700 dona o‘q hech qanday hujjatlarsiz olib kelayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Yana shunday bir holatda Qozog‘iston Respublikasidan mamlakatimizga piyoda kirib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga tegishli bo‘lgan qo‘l yuklari tekshirilganida 1 dona gaz balonli to‘pponcha, 11 dona gaz balon, 1 dona o‘qdon, 1 dona pnevmatik to‘pponcha uchun mo‘ljallangan g‘ilof va 2 dona qutida 2000 dona pnevmatik to‘pponcha uchun mo‘ljallangan temir sharikli o‘q hech qanday hujjatlarsiz Rossiya Federatsiyasidan olib kelayotganligi aniqlandi.
Bundan tashqari O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida, avtotransport vositasining oldi tomonidagi o‘rindiqlar orasiga yashirib qo‘yilgan qora rangli selofan paketda vazni sal kam 3 kg. bo‘lgan ov miltig‘i o‘qining kapsulasi topildi.
Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri.