Qozog‘iston Muntazam chempionatida bahslashayotgan Toshkentning “Humo“ xokkey klubi bu safar Ostona sharafini himoya qilayotgan “Nomad” jamoasiga qarshi ikkita o‘yin o‘tkazishi haqida xabar bergan edik.
Mazkur jamoalarning ilk uchrashuvi “Baris Arena“ ko‘ptarmoqli muz saroyida tashkil etildi va unda “Humo” 2:1 hisobida zafar quchdi. Buning natijasida poytaxtimiz klubi ochkolarini 4 taga yetkazib oldi. “Nomad” esa 6 ochko bilan beshinchi o‘rinda qoldi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, “Humo” klubi musobaqada bor-yo‘g‘i 3 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa, “Nomad” 7 ta bahsda muzga tushgan. Agarda bugun bo‘lib o‘tadigan ushbu jamoalarning ikkinchi o‘yinida “Humo” g‘alaba qozona olsa, ochkolar hisobi bo‘yicha “Nomad”ga yetib oladi.
Dmitriy Katayev murabbiyligi ostidagi “Humo” klubining “Nomad“ga qarshi ikkinchi bahsi bugun, 27 sentyabr kuni soat 14:00 da boshlanadi. Bahsga yana bir bor “Baris Arena“ mezbonlik qiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA