MDH rivoji yo‘lida…

Ma’lumki, boshqa davlatlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilangan. Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar tahliliy markazlarining “Uzoq muddatli hamkorlik uchun yangi kun tartibi” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi ham ayni maqsadga xizmat qiladi.
Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan MDH Ijroiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz yetakchi tahliliy markazlari – Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar instituti vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda MDH davlatlaridan Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston yetakchi ekspertlari ham qatnashdi.
Hamdo‘stlik makonidagi jarayonlarni chuqur tahlil qilish, istiqbolni belgilash, yangi imkoniyatlarni o‘rganish va barqaror rivojlanish uchun ehtimoliy xavfni birgalikda baholash konferensiyaning asosiy maqsadi edi. Munozara davomida umumiy rivojlanishga hissa qo‘shadigan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar va nostandart yechimlar uchun takliflar tinglandi.
Ekspertlar iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, xususan “yashil”likka o‘tish, sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek madaniy-gumanitar yo‘nalishlarga alohida to‘xtaldi.
2023 yil Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari rahbarlari Kengashi yig‘ilishidagi nutqida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surib, jumladan salohiyatni baholash va muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish uchun Hamdo‘stlikning noyob platformasidan foydalanish muhimligini ta’kidlagan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari tegishli shartnomani qayta ko‘rib chiqishga chaqirib, barqaror iqtisodiy o‘sish va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini imkon qadar tezroq shakllantirish zarurligiga e’tibor qaratgan. Ayni payt ushbu tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish yo‘lida izchil ish olib borilmoqda.
MDH mamlakatlarida 240 milliondan ziyod kishi, ya’ni dunyo aholisining 3,7 foizi istiqomat qiladi. Hamdo‘stlik yer yuzi hududining 16 foizini egallagan. Yalpi ichki mahsulot taxminan 2,5 trillion dollar yoki jahon YAIMning 2,8 foiziga teng. Sayyoramiz tabiiy gaz va ko‘mir zaxirasining qariyb 30, neftning 20, uranning 36, oltinning 20, haydaladigan yerning 13 foizi MDH hissasiga to‘g‘ri keladi.
Jahon bozoridagi vaziyat hamkor mamlakatlar uchun energetika, logistika, transport va sanoat kooperatsiyasi sohalarida yangi imkoniyatlar ochmoqda. Bu jarayon muqobil savdo va logistika yo‘nalishlarini ishlab chiqish, qo‘shilgan qiymat zanjirini muvofiqlashtirish, iqtisodiyotda bir-birini to‘ldirish salohiyatidan imkon darajadasida samarali foydalanish bilan bog‘liq bo‘lib, biznes aloqalarini faollashtirishga xizmat qiladi.
Mavjud salohiyatni yuzaga chiqarish uchun birlashma doirasida noyob ko‘p qirrali hamkorlik platformasi imkoniyatidan to‘liq foydalanish lozim. Natijada ehtimoliy xavf birgalikda baholanadi, muvofiqlashtirilgan choralar ko‘rish va nostandart yechimlar ishlab chiqish imkoniyati kengayadi.
MDH hududida ekologiyaga daxldor asosiy masalalardan biri transchegaraviy hududlar suv resurslarini oqilona taqsimlash va suvdan unumli foydalanishdir. Markaziy Osiyoda Orol bo‘yi hududi, shuningdek mintaqa mamlakatlarini suv bilan ta’minlash dolzarb muammo hisoblanadi. Zero, bu hududdagi yirik daryolar bir necha davlat chegarasini kesib o‘tadi. Shu bois mintaqalar aro jiddiy ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha jamoaviy sa’y-harakatlar o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi.
Qolaversa, Hamdo‘stlik doirasida madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda. MDH maydonida yillarni nomlash amaliyoti ayni yo‘nalishdagi samarali vosita sifatida namoyon bo‘lmoqda.
“Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti” davlatlar aro dasturi bo‘yicha ish izchil davom ettirilyapti. 2024 yil tarixiy Samarqand madaniyat poytaxti nomini oldi. Ajoyib me’moriy yodgorliklari, muzey va teatrlari bilan mashhur bu qadimiy shahar MDH mamlakatlari uchun umumiy madaniy makon va muloqot g‘oyasini ilgari surish uchun mukammal joydir.
Hozirgacha Samarqandda ko‘plab muhim madaniy tadbirlar – ko‘rgazma, ijodiy kecha, festival, qo‘shma konsertlar tashkil etildi. Bu loyihalar Hamdo‘stlik maydonida madaniy aloqalarni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shib, xalqlarimiz hamjihatligi, jipsligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Musulmon Ziyo, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA muxbirlari