Bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lash mezonlari takomillashtiriladi

418

Senatda “Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lash mezonlarini takomillashtirish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lash mexanizmi qanday ishlayotganiga e’tibor qaratildi.

Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lash bo‘yicha tashkil etilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimining qulayliklari, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammo va kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali inson omilini bartaraf etish maqsadida va xorijiy kompaniyani yollagan holda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi ishlab chiqildi.

Mazkur tizim 2019 yilda Sirdaryo viloyatida sinovdan o‘tkazilib, 2020 yil yakuniga qadar bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududiga joriy etildi.

Bugungi kunda nafaqa tayinlash yoki rad etish jarayonida inson omili to‘liq bartaraf etilib, axborot tizimiga 16 ta vazirlik va idoraning axborot tizimlaridan 56 turdagi ma’lumotlar elektron tarzda olinmoqda.

Qayd etish kerakki, bolalarga nafaqa va bolani parvarish qilish nafaqasi o‘rniga yagona bolalar nafaqasi joriy etildi. Bolalar nafaqasi to‘lov muddati amaldagi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi. Bolalar nafaqasi miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Oilaning har bir a’zosiga bir oylik o‘rtacha daromad minimal iste’mol xarajatlari miqdoridan (bugungi kunda – 648 ming so‘m) oshmaganda, oila kam ta’minlangan, deb e’tirof etiladi. Bolalar nafaqasi va moddiy yordam pulini bank kartalari orqali oluvchilarga 1 foiz miqdorida qo‘shimcha to‘lov joriy qilindi. Bularning barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Seminarda keyingi 5 yilda mamlakatimizda ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 5,1 barobarga oshgani va hozirda 1,2 milliondan ortiq oilaga yiliga 10,3 trillion so‘m nafaqa to‘lab kelinayotgani ta’kidlandi.

Seminarda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini yanada takomillashtirish, kam ta’minlangan oilalarning ijtimoiy holatini shaffof baholash mexanizmini ishlab chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbir yakunida axborot tizimini takomillashtirish hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA