Sportchini tayyorlash, musobaqalarda yuksak natijalarga erishishning o‘zi bo‘lmaydi. Masalan, bokschini tayyorlash uchun yillar kerak bo‘ladi, uzoq va mashaqqatli mashqlar, murabbiylarning mahorati, xattoki ularning ovqatlanish ratsioni ham keyingi faoliyatlarida muhim rol o‘ynaydi.
Shuning uchun yuksak mahoratli bokschilarni tayyorlash maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan Bahodir Jalolov nomidagi boksga ixtisoslashtirilgan sport maktabiga asos solindi. Joriy yil mart oyida faoliyatini boshlagan muassasa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tarkibiga o‘tkazilgan bo‘lib, respublikamiz bo‘yicha sport maktablarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan, aqlan yetuk, jismonan baquvvat yoshlar bu dargohga qabul qilinadi.
Aytish kerakki, joriy yilda ushbu maktabga 5-11 sinf o‘quvchilaridan 1500 nafar talabgor ariza topshirdi va ular ichidan 96 nafari kasbiy-ijodiy hamda mantiqiy-psixologik imtixonlardan muvaffaqiyatli o‘tib, bu yerda tahsil olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Sport maktabida jami 168 ta o‘rin mavjud bo‘lib, hozirda 145 nafar yigit-qizlar boks sirlarini o‘rganishmoqda. Har bir guruhda 24 nafar o‘quvchi shug‘ullanadi va ular uchun 5 mahallik sportchilarga tavsiya etilgan ovqatlantirish ratsioni yaratilgan.
Loyiha qiymati 56 mlrd. so‘mni tashkil etgan yangi binoda uzoq-yaqindan kelgan sporchilar uchun yotoqxona, oshxona, o‘quv xonalari, sport zal so‘nggi talablar asosida jihozlantirilgan. Mashg‘ulotlarga tajribali va mahoratli murabbiylar jalb qilingan. Bundan tashqari mahalliy va xorijiy sport ustalari, mashhur sportchilar ishtirokida mahorat darslari ham o‘tkazib kelinmoqda.
Bu yerda “O‘zbekiston tarixi” va “Ingliz tili” fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilishiga hamda tabiiy fanlar, sport psixologiyasining zamonaviy usullarda o‘rgatilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Bugungi kunda boks sohasida yurtimizda yetishib chiqqan sportchilarni dunyo tan olmoqda. O‘zbek o‘g‘lonlari qator yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro reytinglarda ham yuqori pog‘onalarni zabt etishgan. Kelgusida bu borada jahonda o‘z o‘rnimizni saqlab qolish, o‘zbek boks maktabi an’analarining bardavomligini ta’minlash maqsadida boks maktabida har yili yangidan-yangi usul va xalqaro tajribalarni o‘zlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
Maqsad xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimiz uchun munosib vorislarni yetkazib berishdan iboratdir.
Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA