Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov va Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyoda makroiqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha amaliyot menejeri Antonio Nusifora boshchiligidagi delegatsiya vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida mamlakatimizdagi makroiqtisodiy tendensiyalar, yuqori sur’atda iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash masalalari hasida so‘z bordi.
Unda kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada qo‘llab-quvvatlash, barqaror ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, soliq boshqaruvi sohasini takomillashtirish bu borada muhim omil ekani qayd etildi.
Bunda hududlarni iqtisodiy jihatdan har tomonlama rivojlantirish maqsadida shakllantirilayotgan master-rejalar, xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash, jumladan, axborot texnologiyalari va turizm sohalarini rivojlantirish kabi masalalar ham iqtisodiyot ravnaqida muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuv yakunida ushbu sohalarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro fikr almashish va muhokamalar jarayonlarini ko‘paytirish yuzasidan kelishib oldi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA