Mamlakatimizda yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oldingi yillarga nisbatan kamayib borayotgan bo‘lsada, aynan giyohvandlik, psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘payib borayotgani, mazkur salbiy illatning tarqalishi yosharib borayotgani jamoatchilik vakillari va har bir ota-ona uchun juda tashvishli holat bo‘lib qolmoqda.

Mazkur muammolarni atroflicha muhokama qilish, bu kabi salbiy holatlarni bartaraf etish, bu bo‘yicha jamoatchilik vakillari, yoshlar hamda mutaxassislarning fikr-mulohazalarini eshitish maqsadida Yoshlar ishlari agentligida Yoshlar press-klubining navbatdagi maxsus soni tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2023 yilda narkotik moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 5 ming 519 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularda 6 ming 264 nafar fuqarolar jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan, 1 ming 758 nafarini (28 foiz) yoshlar tashkil qilgan va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 18,3 foizga ko‘paygan.

Yoshlar press-klubida yoshlar o‘rtasida turli giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi sabab va omillari, giyohvand va psixotrop moddalarning aylanishini cheklashni nazarda tutuvchi qonunchilikdagi islohotlar, yoshlar, ayniqsa voyaga yetmaganlar o‘rtasida giyohvand va psixotrop moddalar tarqalishining oldini olish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlar va istiqboldagi rejalar soha mutaxassislari va ishtirokchilar tomonidan keng tahlil qilindi.

Bu yo‘nalishda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan kerakli javob oldi.

Gulnoza Boboyeva,

Nishonboy Abduvoitov (video),

O‘zA