Joriy yil 24 sentyabr kuni videokonferensiya shaklida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlar mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlik kengashining XIII yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Iqtisodiyot va moliya vazirligining xalqaro munosabatlar departamenti direktori o‘rinbosari Shuhrat Matkarimov ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar MDH doirasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar va joriy yilda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashdi.
Yig‘ilishda so‘z olganlar mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashning asosiy tamoyillaridan biri sifatida ikki va ko‘p tomonlama forumlarni tashkil etish katta ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Unda joriy yil fevral va may oylarida o‘tkazilgan O‘zbekiston– Belarus va O‘zbekiston – Ozarbayjon forumlari, O‘zbekiston va Rossiya davlat rahbarlari raisligida Hududlar kengashining ilk yig‘ilishi natijalari yuqori baholandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi doirasida 2025 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi MDH Hududlar forumi mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Vazirlik axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tadbirda MDH doirasida hududlararo hamkorlikni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasining mazkur sohadagi sheriklikni qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish tashabbusi asosida shakllantirilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA