Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar hamda Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentliklari hamkorligida “Raqamli asrda haqiqatni izlab: dezinformatsiyaga qarshi kurashish” I O‘zbekiston – Ozarbayjon media-forumining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

AOKA direktori A.Xo‘jayev media forum ishtirokchilarini qutlar ekan, ushbu tadbir O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlarining axborot hamda media sohasida amalga oshirayotgan qator dasturlari ko‘lamini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Keyingi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon media sohasida hamkorlikni bosqichma-bosqich mustahkamlab bormoqda, – dedi AOKA direktori A.Xo‘jayev. – Media sohasidagi yo‘l xaritasi ikki davlatning ushbu tarmoqda aniq yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Ta’kidlanganidek, dezinformatsiyaga qarshi kurash dunyoda geosiyosiy ziddiyatlar kuchaygan bir paytda eng dolzarb masaladir.

Taassufki, bugungi kunda davlatlarning qarama-qarshiliklari tobora axborot sohasiga ta’sir ko‘rsatmoqda, feyk yangiliklar soni ortmoqda, dezinformatsiya kampaniyalari olib borilmoqda. Shu bilan birga butun dunyoda sun’iy intellekt va mashhur shaxslarning soxta videolarini yaratishda qo‘llaniladigan dipfeyk texnologiyasining rivojlanishi dezinformatsiya yanada faol tarqalishiga hamda odamlarning chalg‘ishiga olib kelayotgani xavotiri ortib bormoqda.

Bunday sharoitda davlatlarimiz axborot sohasidagi xatarlar hamda tahlillarga qarshi turish borasida umumiy yondashuvlarni aniqlashi va sa’y-harakatlarni birlashtirishi kerakligi anjumanda alohida e’tirof etildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan turli global darajadagi tadbirlarda, xalqaro tashkilotlarning majlislarida Markaziy Osiyo davlatlari birdamligi, tinchligini mustahkamlash, mintaqada iqtisodiy, ijtimoiy taraqqiy etishning istiqbolli rejalarini hamkorlikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, qo‘shnichilik munosabatlarini yaxshilash, jumladan, Afg‘onistonga gumanitar ko‘maklashishda kuchlarni birlashtirish bo‘yicha ko‘plab ilg‘or taklif-tashabbuslar ilgari surilgan.

Bu O‘zbekistonning tashqi siyosatga nisbatan beg‘araz, xolis va tinchliksevar siyosatining ifodasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Biroq mamlakatimizning ushbu islohotlari doim ham ayrim xorij davlatlar tomonidan “iliq” kutib olinmaydi. O‘zbekiston tomonidan chin insonparvarlik g‘oyalari va tamoyili asosidagi intilishlari ayrim chet el axborot resurslarida asossiz, yolg‘on va dezinformatsiyalar bilan talqin etilish holatlari uchrayotgani sir emas.

O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlarining axborot siyosati sohasida vakolatli organi sifatida AOKA va Ozarbayjon Mediani rivojlantirish agentligi mamlakatlarning siyosiy va iqtisodiy mavqeiga ta’sir ko‘rsatuvchi dezinformatsiyaga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirishi o‘ta muhim hisoblanadi.

Forum ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sh.Asadov, Ozarbayjon Respublikasi Mediani rivojlantirish agentligi A.Ismailov, Oliy Majlis Cyenatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasida doimiy asosda ishlovchi senator M.Parpiyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi NNT va kommunikatsiya bilan ishlash sho‘’basi rahbari K.Gasanov, Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi G.Guliyev ushbu forum va ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati, axborot asrida dezinformatsiyaga qarshi kurashishning zamonga xos tadbirlari, qonunchilikda ushbu masalalarning aks etishi yuzasidan batafsil so‘z yuritdi.

Media forum sessiyalarda o‘z ishini davom ettirmoqda. Aytish kerakki, media forum 3 ta sessiyadan tashkil topgan bo‘lib, 1-sessiyada “Dezinformatsiga qarshi kurashda eng yaxshi xalqaro amaliyotlar” mavzusida o‘zbekistonlik va ozarbayjonlik axborot sohasi mutasaddilari va OAV rahbariyati o‘z mamlakatlari tajribasi asosida ma’ruza qilmoqda. “O‘zbekiston va Ozarbayjonda aholi media-savodxonligini oshirishda davlat hamda nodavlat media-tashkilotlarning roli” mavzusidagi ikkinchi sessiyada bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar, media-dasturlar, qo‘shma yo‘l xaritalari hamda chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.

Uchinchi sessiya “O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlikni mustahkamlash”ga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bugungi kunga qadar hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida rejalashtirilayotgan sa’y-harakatlar haqida taklif va tashabbuslar, fikr-mulohazalar bildirildi.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri