O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga muvofiq, 2023 yilning qolgan davrida 500 ming, 2025 yilda 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va to‘plangan milliy tajriba hamda ilg‘or xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ruyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi.

Dastur 2024 yil 1 noyabrdan boshlab “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi: 

barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish – tadbirkorlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish hamda har bir mahallaga yetakchi tadbirkorlarni jalb qilish, tomorqadan samarali foydalanish, har bir tuman va shaharda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga turtki beruvchi kamida 5 tadan “drayver” loyihalarni amalga oshirish, qo‘shimcha 50 ming gektar ekin maydonlarini kambag‘al oilalarga ijaraga berish, ularga kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter kabi vositalarni bo‘lib to‘lash sharti bilan berish;

ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish – 2024-2025 yillarda kambag‘al oilalar farzandlarining maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, oilaning kamida bitta farzandini xorijiy tillarga, kasb-hunarga yoki mutaxassislikka o‘qitish, bitta farzandi, xususan, qiz farzandining oliy ma’lumotga ega bo‘lishi uchun sharoit yaratish, bolalarni kompyuter savodxonligiga o‘rgatish, axborot texnologiyalari va dasturlash bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qishi uchun sharoit yaratish, shu jumladan, maktablarda to‘garaklar tashkil etish;

kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish – kambag‘al oilalarning har bir a’zosi bir yilda bir marta to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi, ularning o‘z sog‘lig‘i uchun mas’uliyatini oshirishi (kundalik turmush tarzi va ovqatlanishda zararli odatlardan voz kechishi), har bir farzandi sport to‘garaklariga qatnashishi uchun imkoniyatlar yaratish, oilaning tibbiy xizmatlarga o‘z hisobidan sarflaydigan xarajatlarini ikki barobar qisqartirish;

ijtimoiy xizmatlardan foydalanish – ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish orqali oilalarning mehnat qilish imkoniyatini cheklovchi omillarni bartaraf etish, xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish, bolalarni tarbiyalash va kunduzgi parvarishlash xizmatlarini yo‘lga qo‘yish;

yashash sharoitlarini yaxshilash – ipoteka tizimidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, mahallalarda ekologik toza materiallar va texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy “yashil” turar joylarni qurish yoki rekonstruksiya qilish, toza ichimlik suvni yetkazish, xonadonlarda energiya tejovchi innovatsion yoritish, isitish va issiq suv ta’minoti hamda chiqindilarni qayta ishlash tizimlarini joriy etish;

davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish – tomorqalarni sug‘orish suvi, mahallani elektr energiyasi va internet bilan uzluksiz ta’minlash hamda uning tuman markazi bilan transport jihatidan bog‘langanligini yaxshilash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, hududlarni jadal kompleks rivojlantirish dasturlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;

davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish – barcha bo‘g‘indagi davlat hokimiyati organlari kambag‘al oilalar bilan muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishi, birdamlikda harakat qilishi hamda rahbarlarni kambag‘al oilalarga biriktirish, ularning muammolarini birgalikda yechishga ko‘maklashish.

Farmon bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi ham tashkil etiladi.

Komissiyaga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

Dasturning ijrosi yuzasidan respublika va mahalliy tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni joylarga chiqqan holda o‘rganish;

Dasturda nazarda tutilgan imkoniyatlarni ruyobga chiqarish yuzasidan barcha darajadagi idora va tashkilotlarning, shuningdek, kambag‘al oilalarga va mahallalarga biriktirilgan rahbarlar faoliyatining samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash;

har oy yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida amalga oshirilishi taklif etilayotgan vazifalar yuzasidan axborot kiritib borish.

2024 yil 1 dekabrdan boshlab “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab:

a) kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;

b) mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;

v) kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘ligini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.

Bunda ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmagan taqdirda, ijtimoiy yordam va xizmatlar (ijtimoiy nafaqadan tashqari) ko‘rsatish to‘xtatiladi.

 O‘zA