23 sentyabr kuni “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2024 yilning qolgan davrida 500 ming, 2025 yilda 1 million nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish davlat ijtimoiy-iqtisodiy siyosatining hamda barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi darajali vazifasi etib belgilandi.

Kambag‘allikni qisqartirish sohasida erishilgan ijobiy natijalar va to‘plangan milliy tajriba hamda ilg‘or xalqaro amaliyot asosida har bir fuqaroni o‘zi va farzandlari kelajagi uchun mas’uliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshiriladi hamda dasturini amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Dastur 2024 yil 1 noyabrdan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kambag‘al oilalar uchun yettita imkoniyat va mas’uliyat” tamoyili asosida amalga oshiriladi:

— barqaror bandlik va yuqori daromad topishga erishish;

— ta’lim olish va kasb-hunar o‘rganish;

— kafolatlangan davlat tibbiy xizmatidan foydalanish;

— ijtimoiy xizmatlardan foydalanish;

— yashash sharoitlarini yaxshilash;

— davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish;

— davlat organlari xodimlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish.

Farmonga muvofiq, 2024 yil 1 dekabrdan “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi.

2025 yil 1 yanvardan:

— kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashganda, o‘zini o‘zi band qilganda yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yganda ushbu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagunga qadar, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi;

— mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi;

— kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash, o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish), oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi, uy-joyini ozoda tutishi kabi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi.

O‘zA