Ispaniyaning Leon shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining navbatdagi kunida sportchilarimiz yana bir medalni qo‘lga kiritdi.
Kecha, 22 sentyabr kungi bahslarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi Husinboy Matrasulov -73 kg. vazn toifasida ishtirok etib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bu, terma jamoamiz hisobidagi umumiy medallar sonini 3 taga yetishini ta’minladi.
U mazkur muvaffaqiyatga dast ko‘tarish mashqidagi 148 kg. natijasi orqali erishdi. Hamyurtimiz siltab ko‘tarishda 167 kg. bilan beshinchi, ikki kurash yakunida 315 kg. bilan to‘rtinchi natijaga erishdi.
Bugun, 23 sentyabr kuni o‘tkaziladigan musobaqalarda terma jamoamiz a’zolaridan Abdulaziz Alimjonov va Xayitboy Abdushukurov -81 kg. vaznda ”A” guruh bahslarida ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, 27 sentyabrga qadar davom etadigan chempionatda O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar sportchisi yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA