Koreya Respublikasida BMT tarkibidagi EKOSOS tuzilmasida ro‘yxatdan o‘tgan Xalqaro nodavlat tashkilot – Samoviy madaniyat, dunyo tinchligi va yorug‘likning tiklanishi (HWPL) tadbirlari doirasida Tinchlik sammitining 10 yilligi boshlandi.
Tashkilot matbuot xizmati rahbari Mariya Zaxarchenko O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, anjuman doirasida shu oy oxirigacha dunyoning turli burchaklarida 122 davlatni qamrab olgan mahalliy tinchlik tadbirlari o‘tkaziladi.
– Bu yil “Mintaqaviy hamkorlik orqali global tinchlik hamjamiyatini barpo etish” shiori ostida tashkil qilingan tadbir so‘nggi o‘n yillikda jahon yetakchilari va fuqarolarining tinchlikka sodiqligini yana bir bor ta’kidlaydi, global hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha kelajak strategiyasini belgilashga intiladi, – deydi M.Zaxarchnko. – Yubiley dasturlari doirasida har bir mamlakat mintaqaviy iste’dodlarni to‘playdi, muayyan hududga mos tinchlik strategiyasini ishlab chiqish uchun zarur tizimlar yaratadi. Shuningdek, tinchlikka mahalliy tahdidlarni bartaraf etish va jamoaviy salohiyatni faollashtirish uchun turli daraja va mavzularda mintaqaviy tarmoqlarni mustahkamlashga qaratilgan ko‘plab sessiyalar o‘tkazadi.
10 yillik xalqaro hamkorlik doirasida HWPL 105 davlatdagi 1014 tashkilot bilan imzolangan kelishuv memorandumlari (MOA) yoki o‘zaro anglashuv memorandumlari (MOU) asosida tinchlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.
– Dunyoviy tinchlikni kelajak avlodlarga meros sifatida qoldirish uchun birga harakat qilishimiz kerak, – deydi HWPL raisi Li Man Xi. – Bu global hamjamiyatga hayot baxsh etuvchi nurga qiyoslash mumkin bo‘lgan mas’uliyatli vazifani bajarish uchun zarur.
Tinchlik haqidagi ta’lim bugungi kunda o‘ta dolzarb, bunga shak-shubha yo‘q. Ishtirokchilar esa ushbu loyiha o‘quvchilar kelajakda jahon fuqarolari bo‘lib yetishishi, muayyan jamiyat va butun dunyoda tinchlik, barqarorlik poydevorini yaratishga hissa qo‘shadi, deya ishonch bildirdilar.
28 sentyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy tinchlik sammitida HWPL tinchlik ta’limi, Tinchlikka erishish va urushlarni to‘xtatish deklaratsiyasi kabi muhim loyihalarni taqdim etadi. Mazkur nufuzli anjumanga davlat idoralari, ta’lim, huquq sohasi doiralari, jamoat tashkilotlari vakillari taklif etilgan.
S.Rahimov, O‘zA